Mijoz quyosh elektr stansiyasi o‘rnatishga qaror qilganida birinchi savollardan biri shunday bo‘ladi:
Qaysi turdagi tizimni tanlash kerak — On-grid, Off-grid yoki Gibrid?
Ko‘pchilik bu nomlarni eshitgan bo‘ladi, ammo ularning farqi va qaysi biri foydaliroq ekanini to‘liq tushunmaydi.
Aslida tizim tanlovi quyidagilarga bevosita ta’sir qiladi:
- uskunaning narxi;
- mustaqillik darajasi;
- svet o‘chganda ishlashi;
- o‘zini oqlash muddati;
- umumiy iqtisod.
Keling, har birini alohida ko‘rib chiqamiz.
1. On-grid quyosh tizimi — shahar tarmog‘i bilan birga ishlaydi
On-grid bu davlat elektr tarmog‘i bilan parallel ishlaydigan quyosh tizimi.
Ishlash prinsipi:
kunduz kuni panel elektr ishlab chiqaradi → invertor uni foydalanishga moslaydi → uy shu energiyani ishlatadi.
Agar energiya yetmasa davlat tarmog‘idan oladi.
Agar ortib qolsa tarmoqqa uzatishi mumkin.
Afzalliklari:
- narxi eng qulay;
- akkumulyator talab qilmaydi;
- tez o‘zini oqlaydi;
- elektr uzilishi kam joylar uchun ideal.
Kamchiligi:
davlat tarmog‘i o‘chsa oddiy on-grid tizim ham to‘xtaydi.
2. Off-grid quyosh tizimi — to‘liq mustaqil
Off-grid bu umuman shahar tarmog‘iga bog‘lanmaydigan tizim.
Tarkibida:
- quyosh panellari;
- avtonom invertor;
- akkumulyatorlar bo‘ladi.
Kunduz panel ishlaydi va akkumulyatorni to‘ldiradi, kechasi esa akkumulyatordan foydalaniladi.
Afzalliklari:
- to‘liq mustaqillik;
- elektr liniyasi yo‘q joylarda ham ishlaydi;
- uzilishlardan qo‘rqmaysiz.
Kamchiligi:
- narxi qimmatroq;
- akkumulyator majburiy;
- hisob-kitob aniq bo‘lishi kerak.
3. Gibrid quyosh tizimi — eng universal variant
Gibrid tizim:
- quyosh panel,
- davlat tarmog‘i,
- akkumulyator
uchalasini birga ishlatadi.
Kunduz panel ishlaydi, ortiqcha elektr akkumulyatorga yig‘iladi, svet o‘chsa tizim avtonom davom etadi.
Afzalliklari:
- elektrdan katta iqtisod;
- rezerv energiya mavjud;
- juda qulay;
- yuqori mustaqillik.
Bugungi kunda eng ko‘p tanlanadigan variantlardan biri.
Solishtirma jadval
| Parametr | On-grid | Off-grid | Gibrid |
|---|---|---|---|
| Quyoshdan ishlaydi | Ha | Ha | Ha |
| Davlat tarmog‘i bilan ishlaydi | Ha | Yo‘q | Ha |
| Akkumulyator | Yo‘q | Ha | Ha |
| Svet o‘chganda ishlaydi | Yo‘q | Ha | Ha |
| Narxi | Past | Yuqori | O‘rta/Yuqori |
| Mustaqillik | O‘rta | Maksimal | Juda yuqori |
Sizga qaysi biri mos?
- Faqat elektr to‘lovini kamaytirish kerak bo‘lsa → On-grid
- Elektr liniyasi yo‘q yoki uzilish ko‘p bo‘lsa → Off-grid
- Ham iqtisod, ham rezerv kerak bo‘lsa → Gibrid
Xulosa
On-grid, Off-grid va Gibrid — uch xil turdagi quyosh energetika yechimlari.
Har birining o‘z vazifasi, narxi va qulayligi bor.
Eng muhimi — ehtiyojga mos to‘g‘ri tanlash.



